29-aprel kuni Shavkat Mirziyoyevga kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda ehtiyojmand insonlar Kambag‘allikdan farovonlik sari dasturi asosida mehnat, ta’lim, sog‘liq saqlash kabi sohalarda ko‘maklashilmoqda. Yig‘ilishda bu keng va uzluksiz jarayon ekanligi, doimiy takomillashtirish kerakligi qayd etildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy holati asosida kambag‘al oilalarni uch toifada qo‘llab-quvvatlash taklif qilinmoqda. Ularga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etiladi.

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritish tartibi qonunchilik hujjati darajasida belgilanadi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi. Bunday insonlar bandligini cheklovchi omillar bartaraf etilib, muayyan daromad topishiga sharoit yaratiladi.

Kambag‘al oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi, yuqori bahoga o‘qiganlar oromgohlarda bepul dam olishi mumkin bo‘ladi. Kambag‘al oiladan chiqqan a’lochi talaba-qizlarga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdorida maxsus stipendiya to‘lanadi.

Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash choralari haqida ham axborot berildi.

Unga ko‘ra, nogironligi bor insonlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berish, bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish, tadbirkorlarga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 500 mln so‘mgacha subsidiya ajratish kabi rag‘batlar ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, elektron savdo maydonchasi orqali nogironligi bor shaxslarga tegishli tovar va xizmatlarni xarid qilish miqdori oshiriladi. Ularga kasb-hunar o‘rgatish uchun texnikumlarda inklyuziv ta’lim guruhlari tashkil etiladi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish maqsadida Faol hayotga qadam dasturi joriy etiladi. Bunday insonlarga kunduzgi qatnov asosida yoki uyda qarab turish, maishiy yumushlarda ko‘maklashish, yo‘qotilgan harakat faolligini qayta tiklash, kasalliklarning oldini olish kabi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, ularni tizimli yo‘lga qo‘yish va bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq 1-oktabrdan fuqarolarga ayrim subsidiya, grant va ssudalar ijtimoiy karta orqali berilishi haqida xabar berilgandi. Aholiga yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun 11,25 mln so‘m, sug‘orish vositalarini sotib olishga esa 3,75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.