29-aprel kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzak tumanida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi doirasida muhim obyektlar qurilishi boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda Transport vazirligi va O‘zbekiston temir yo‘llari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Ushbu temir yo‘l qurilishi doirasida har biri 10 km.dan uzun bo‘lgan 3 ta tunnel qurish rejalashtirilgan.
Jumladan:
- 1-son Norin (Djaman-Davan) tunneli uzunligi — 12,5 km;
- Qo‘shto‘ba (Kazarman) tunneli uzunligi — 13,2 km;
- Farg‘ona tog‘ tunneli uzunligi — 12,2 km.
O‘tgan yilning 27-dekabr kuni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berilgandi. Umumiy uzunligi 532,53 km bo‘lgan temir yo‘l yo‘nalishda yiliga 15 mln tonna yuk tashish, kelgusida yo‘lovchi poyezdlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Uch tomonlama temir yo‘l loyihasi
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.
Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin. Joriy yilning iyun oyida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Iyulda Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni tasdiqladi. Hujjat bilan loyihani amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish topshirilgan. Shundan $14 mlni joriy yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak.
Oktabr oyi boshida Bishkekda loyiha idorasi ochildi. Aqilbek Japarov mazkur temir yo‘lning qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanishini aytdi. Noyabrga kelib, Qirg‘iziston hukumati loyiha kompaniyasiga $14 mln ajratishni tasdiqladi.
YTTB Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishi mumkin. Bank O‘zbekiston Transport vazirligi bilan loyiha doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Mazkur temir yo‘li qurilishi 2024-yilning 27-dekabrida boshlanishi ma’lum qilindi. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va qo‘shma loyiha kompaniyasi investitsiya shartnomasini imzoladilar.
Avvalroq Urgut tumaniga yangi temir yo‘l tarmog‘i tortilishi haqida xabar berilgandi. Samarqand viloyatining Jomboy tumanidan boshlanadigan yo‘lovchi poyezdlar harakati 50 km uzunlikda tashkil etiladi.