Rossiyaning Kelajak transporti (Transport budushego) kompaniyasi 2025-yil oxirigacha O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 28-aprel kuni “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida kompaniya bosh direktori Yuriy Kozarenko ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston va Rossiyaning uchuvchisiz uchish tizimlari sohasidagi hamkorligi bir necha yo‘nalishlarga, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish va ularni mahalliylashtirishga qaratilgan.

“Biz bozorni aholi, mamlakatda 4,5 mln gektardan ortiq ekin maydonlari, chegaralarning uzunligi, yuk tashish nuqtayi nazaridan tahlil qildik va Strategik islohotlar agentligi bilan bunday ishlarni amalga oshirib, bugungi kunda o‘n minglab dronlarni bozorga iqtisodiy jihatdan samarali joylashtirish va shu bilan ushbu bozorda katta daromad olishni ta’minlash imkoniyati mavjudligini e’lon qilishimiz mumkin”, — dedi u.

Kelajak transporti bosh direktori dronlar ishlab chiqarish loyihasining birinchi bosqichida $100 mlnlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilganini ta’kidladi.

O‘tgan yilning aprel oyida Toshkentda kechayotgan Innoprom ko‘rgazmasida Yuriy Kozarenko birinchi marta O‘zbekistonda dron ishlab chiqaruvchi zavodlar qurishga tayyorligini aytdi.

“Qiziqish bor. Biz tez orada O‘zbekistondan delegatsiyani qabul qilishimiz va ushbu mamlakat hududida ishlab chiqarish, dronlarni eksport qilish, ekspluatantlar uchun xizmat ko‘rsatish markazlarini yaratish rejalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishimiz kerak”, — dedi u 2024-yil sentabr oyida “Kommersant"ga bergan intervyusida.

Yanvar oyida O‘zaeronavigatsiya markazi uchuvchisiz uchish apparatlari parvozlarini rejalashtirish uchun ATM: Safe Sky tizimini taqdim etdi. Uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish uchun ruxsatnomalarni mobil ilova orqali olish mumkin.

O‘zbekistonda dronlardan foydalanish

2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.

Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.

2023-yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.

Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.