Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo mahalliy aeroportida rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aeroport 29-aprel kuni Silk Avia aviakompaniyasining ATR-72−600 samolyotida amalga oshirilgan birinchi texnik parvozini qabul qildi.

Aerodromning sun’iy sirtqi qismi kapital ta’mirlanib, uzunligi 1550 metr, eni 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ylab ikki qatlamda, yurish yo‘lagi hamda ikkita ATR-72−600 samolyoti uchun to‘xtash joylari mavjud perroni asfalt-beton bilan mustahkamlandi.

“Aerodrom majmuasi uchish-qo‘nish yo‘lagi parvozlar xavfsizligini ta’minlash hamda ATR-72 rusumli va quyi toifadagi havo kemalarini qabul qilish va uchirish uchun kapital ta’mirlashni talab qilardi. Texnik reys aerodromning havo kemalarini qabul qilish va uchirishga to‘liq tayyorligini ko‘rsatdi”, — deyiladi Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, 100 nafargacha yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilishining yakunlanishi kutilmoqda. Barcha ishlar yakuniga yetgach, bir oy ichida Sariosiyo aeroportiga muntazam reyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Kompaniya Sariosiyo so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini tiklagan Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlaridan keyingi beshinchi hududiy aeroport bo‘lganini qayd etdi.

2023-yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, 2024-yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.

O‘tgan yilning sentabrida Silk Avia rahbari Sardor Nurmuhammedov 2024-yilning to‘rtinchi choragida Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishida aviaqatnovlar amalga oshirilishini ma’lum qilgandi.

Joriy yil boshida Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yil yakunigacha Sariosiyo va Zarafshon aeroportlarini ishga tushirish rejalarini bildirdi.

“Barcha hududlarda infratuzilmani rivojlantirishga ehtiyoj mavjud. Shu bois, prezident tomonidan aviatsiya sohasidagi siyosat belgilandi, strategiya tasdiqlandi. Biz esa, o‘z navbatida, aholi va tashrif buyurayotgan sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida hududiy aeroportlar sonini ko‘paytirishga harakat qilamiz”, — degandi u.

Avvalroq Urganch aeroportini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha tender g‘olibi aniqlangani haqida xabar berilgandi. G‘olib Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi bo‘ldi.