AQSh prezidenti Donald Tramp import qilinadigan avtomobillarga bojlar ta’sirini yumshatish niyatida, deya xabar berdi The Wall Street Journal.
Nashrning aniqlik kiritishicha, chora chet el avtomobillariga boshqa tariflar bo‘yicha bojlar qo‘yilishining oldini olishga imkon beradi.
Natijada boj to‘laydigan avtomobil ishlab chiqaruvchilari boshqa yig‘imlar, shu jumladan po‘lat va alyuminiy uchun ham soliqqa tortilmaydi.
WSJ suhbatdoshlari ta’kidlashicha, bu qadam orqaga kuchga ega bo‘ladi — avtomobil ishlab chiqaruvchilar allaqachon to‘langan bojxona to‘lovlari uchun kompensatsiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
AQShga import qilinadigan tayyor xorijiy avtomobillarga 25%lik bojxona to‘lovi aprel oyi boshidan kuchga kirgan edi.
Bundan tashqari, AQShda avtomobil ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan chet el avtomobil ehtiyot qismlariga qo‘yilgan bojxona to‘lovlarining ta’siri yumshatiladi. 25%lik ushbu bojxona to‘lovlari 3-maydan kuchga kiradi.
Yangi chora avtomobil ishlab chiqaruvchilarga bir yil davomida AQShda ishlab chiqarilgan avtomobil qiymatining 3,75%igacha miqdorda ushbu bojxona to‘lovlari uchun kompensatsiya olish imkonini beradi. Ikkinchi yilda bu kompensatsiya avtomobil qiymatining 2,5%igacha kamaytiriladi, shundan so‘ng esa butunlay bekor qilinadi.
Oq uy rasmiysi Reuters’ga bu ma’lumotni tasdiqladi. Uning aniqlik kiritishicha, yangi choralar 29-aprel, seshanba kuni rasman tasdiqlanadi.
AQSh savdo vaziri Govard Lyutnik bu borada Trampning chora-tadbirlari “mamlakatda allaqachon ishlab chiqarayotgan kompaniyalarni mukofotlash va shu bilan birga Amerikaga sarmoya kiritishga va ichki ishlab chiqarishni kengaytirishga tayyorligini bildirgan ishlab chiqaruvchilarga uchish-qo‘nish yo‘lagini taqdim etishini” aytdi.
Avvalroq Spot Donald Tramp AQShda daromad solig‘ini kamaytirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Soliqlarni kamaytirish bo‘yicha asosiy choralar yiliga $200 mingdan kam daromad oladiganlarga qaratiladi.