WhatsApp’ning veb-versiyasida audio va video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu haqda WABetaInfo xabar bermoqda.

Hozirda WhatsApp orqali bir-biriga faqat Android yoki iPhone uchun mobil ilova, shuningdek, macOS yoki Windows uchun messenjerning kompyuter versiyasi orqali qo‘ng‘iroq qilish mumkin. WhatsApp’ning veb-versiyasida bu funksiya mavjud emas edi. Brauzer orqali faqat xabar yozish, fayllarni biriktirish yoki ovozli yozuvlarni yozish mumkin.

Tez orada bu o‘zgaradi. WhatsApp ilovasiga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar Safari, Google Chrome, Edge yoki Opera kabi istalgan brauzerda messenjerni ochib, u yerda shaxsiy yoki guruhli qo‘ng‘iroqni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Tegishli tugmalar yuqori o‘ng burchakda ko‘rsatiladi. Chaqiruvdan oldin brauzer saytdan kamera va mikrofondan foydalanish ruxsatini berishni so‘raydi. Agar ular taqdim etilmasa, qo‘ng‘iroqni boshlashning iloji bo‘lmaydi.

Bunda WhatsApp’ning qaysi versiyasidan (mobil, desktop yoki veb) foydalanishidan qat’i nazar, barcha ma’lumotlar boshidan oxirigacha shifrlashdan o‘tadi va buzib bo‘lmaydi.

Avvalroq WhatsApp’da stikerpaklar yaratish soddalashtirilishi haqida xabar berilgandi.

Endi foydalanuvchilar to‘plamlarni shakllantirish bilan birga, ularni boshqalar bilan ulashishlari ham ancha osonlashdi.

Shuningdek, WhatsApp chatlar, qo‘ng‘iroqlar va kanallar uchun yangi funksiyalarni taqdim etgandi. Bu orqali messenjer Telegram va Discord kabi mashhur xizmatlar bilan raqobatlashishni davom ettirmoqda.

Bundan tashqari, WhatsApp yangi funksiyani taqdim qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Funksiya foydalanuvchilarga fotosurat va videolarini kim va qanday saqlayotganini nazorat qilish imkonini beradi.