3-may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi o‘tkazildi.

Xalqaro kompaniyalar rahbarlari ishtirokidagi tadbirda davlat rahbari ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan Investitsiyalar va Maxsus erkin zonalar to‘g‘risidagi qonun loyihalari mamlakatda qulay investitsiya va biznes muhitini takomillashtirishni oshirishini qayd etdi.

Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti jamoasi tomonidan boshlanayotgan investitsiya siyosati tahlili mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilashda asosiy yo‘nalishlarni belgilab olishga va samarali mexanizmlarni yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

“Hukumat hamda investorlar o‘rtasida ochiq va samarali muloqotning yo‘lga qo‘yilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kalitidir. Shu sababli bugungi zamon bilan hamnafas qadam tashlab, o‘z oldimizga aniq rejalarni qo‘yishga va sa’y-harakatlarimizni yanada uyg‘unlashtirishga chaqiraman”, — dedi prezident.

Davlat rahbari kengash doirasida to‘rtta yo‘nalishda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni to‘liq amalga oshirishda faol ishtirok etishni taklif qildi.

Ulardan birinchisi — bu kapital bozorini rivojlantirish. Mazkur yo‘nalishda xorijiy investorlarning talablariga to‘la javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy e’tiborni qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Ikkinchi yo‘nalish mas’uliyatli biznes yuritishdir. Bunda iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifa ekanligi qayd etildi.

Undan keyingi yo‘nalish — muqobil investitsiyalarni rag‘batlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar to‘g‘risida"gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish ahamiyatli ekanligi aytildi.

Shuningdek, to‘rtinchi yo‘nalish investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish hisoblanadi. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni o‘z vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev investorlar bilan hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergandi. U energetika, bank, foydali qazilmalar, IT-transformatsiyasi hamda transport sohalarini qamrab olgan.