OPEK O‘zbekistonda bolalar bog‘chasini qurishga $20 mln ajratadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2-may kuni Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni muhokama qilish va xususiy sektorni davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, ipoteka kreditlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, aholi uchun ularning mavjudligi holatini yaxshilash va mamlakat ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish kompaniyasi orqali investitsiyalarni jalb etishni ko‘rib chiqildi.

Tomonlar O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzoladi. OPEK buning uchun $20 mln miqdoridagi mablag‘ yo‘naltiradi.

Loyiha prezident tomonidan tasdiqlangan “2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” doirasida amalga oshirilib, xususiy sektorga imtiyozli kreditlardan foydalanish imkonini beradi.

Bundan tashqari, loyiha yangi bog‘chalarni qurish va modernizatsiya qilish, ularda bolalar uchun o‘rinlar sonini oshirish imkonini beradi.

Avvalroq YeTTB Xorazmdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga $238 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.