1-may kuni “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, gazlama, trikotaj mato ishlab chiqarish va bo‘yash hajmini oshirish uchun infratuzilmaviy va moliyaviy shart-sharoitlar yaratish orqali ip-kalavani qayta ishlash darajasi 2027-yil yakunigacha bosqichma-bosqich 100%ga olib chiqiladi.

Mamlakatni “to‘qimachilik xabi"ga aylantirish va kamida xalqaro darajada tan olingan 10ta mahalliy brendlarni yaratish ustidagi ishlar manzilli tashkil etiladi.

2026-yilgacha to‘qimachilik sanoat zonalari direksiyalari va ularda tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlardan ozod etiladi.

To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan xomashyo va boshqa materiallar, butlovchilar va ehtiyot qismlar 2027-yilgacha bojxona bojidan ozod etiladi.

2024-yilning 1-mayidan 2026-yilning 1-mayigacha “A” va undan yuqori toifadagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi tadbirkorlarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

Bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno. Shuningdek, QQS summasi o‘rnini qoplash 1 kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi.

Joriy yilning 1-mayidan “A” va undan yuqori toifadagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi eksportchi korxonalarga akkreditivni garovga olgan holda uning 70%i miqdorida ajratiladigan kreditlar uchun banklarga “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan mablag‘ taqdim qilish tizimi joriy qilinadi.

Toshkent shahrida va bosqichma-bosqich hudud markazlaridagi yirik savdo komplekslarida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” (Made in Uzbekistan) brendi ostida milliy mahsulotlar do‘konlari tashkil qilinadi.

Mamlakatda gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj loyihalari uchun $100 mln yo‘naltirish rejalashtirilgan. $10 mlngacha bo‘lgan loyihalar uchun chet el valyutasida olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 6%dan yuqori qismi kompensatsiya qilinadi.