O‘zbekistonda birinchi chiqindilarni yoqish zavodini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2-may kuni vazir Aziz Abduhakimov va “China CAMC Engineering” kompaniyasi raisi Van Bo o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda mamlakatda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xitoy tomoni chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilash bo‘yicha rejalar potensial hamkorlar va investorlar uchun aniq belgilab berilganini qayd etdi.

Tomonlar o‘rtasida O‘zbekistonda chiqindilarni yoqish elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Loyiha doirasida Xitoydan ekspert guruhi jalb qilinadi.

Ekspertlar guruhi chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni o‘rganish va tashkil etish hamda mamlakat rahbariyatiga taqdim etish uchun zavodning dastlabki loyihasini ishlab chiqishadi.

Bundan tashqari, ekoturizm sohasida hamkorlik qilish va Samarqand viloyatining tog‘li hududlarida yangi kanat yo‘lini qurish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

“Sinomach” kompaniyalar guruhiga kiruvchi “China CAMC Engineering” kompaniyasi bilan kelishuv imzolangandi. Kompaniya qishloq xo‘jaligi texnikalari va suv tejovchi texnologiyalarni lizing asosida O‘zbekistonga taqdim etishni maqsad qilmoqda.

BAAning “Tadweer” kompaniyasi bilan “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni boshqarish tizimi ishlab chiqiladi.